O‘zbekchaРусскийEnglish
OldingiNavbahorNavbahor1:0AndijonAndijonKeyingiAndijonAndijon—LokomotivLokomotiv 7-noyabr, 2026 · 16:00
Yangilik

Boshingni baland tut, „Andijon“! Sen muxlislaringdan, muxlislaring esa sendan faxrlanadi!

1-noyabr, 2026 · 3 daqiqa o'qish
Boshingni baland tut, „Andijon“! Sen muxlislaringdan, muxlislaring esa sendan faxrlanadi!
Vodiy derbisi haqida

Nаmangandagi vodiy derbisi yana bir bor o‘z nomiga munosib bo‘ldi. «Navbahor» va «Andijon» o‘rtasidagi prinsipial qarama-qarshilik, kutilganidek, yuqori harorat, keskin kurash va tribunadagi ajoyib muhit bilan o‘tdi. Ammo bu uchrashuvda faqat maydondagi futbol emas, tribunadagi munosabat ham alohida e’tiborga loyiq bo‘ldi. Ayniqsa, andijonlik muxlislar haqida alohida to‘xtalish kerak.

Ular Namanganga shunchaki jamoasini qo‘llab-quvvatlash uchun borishmadi. Butun o‘yin davomida tartib-intizomga rioya qilgan holda, o‘zlariga xos faollik va kreativlik bilan «Andijon»ni olg‘a chorlashdi. Eng e’tiborlisi, hurmat yuzasidan raqib jamoa nomini ham — «Navbahor! Navbahor!» deya olqishlashdi. Bu — futbol madaniyatining chiroyli ko‘rinishi. Afsuski, bunday samimiy e’tirofga mezbonlar tribunasidan o‘xshash munosabat bildirilmagan.

Maydonda esa haqiqiy derbi kechdi. «Navbahor» ham, "Andijon" ham g‘alaba uchun kurashishdi. «Burgutlar» raqibiga osonlikcha taslim bo‘lmadi. Darvozabon Artyom Potapov bir necha bor mahorat ko‘rsatib, jamoasini gollardan saqlab qoldi. Birinchi bo‘limda Martin Boakeda hisobni ochish imkoniyati bo‘ldi, ammo uning zarbasi biroz noaniq ketdi.

Ikkinchi bo‘limda Norchayevning zarbasi rikoshet orqali darvozadan joy oldi va uchrashuvdagi yagona golga aylandi. Shundan keyin «Andijon» hisobni tenglashtirish uchun katta kuch bilan oldinga tashlandi. Po‘latxo‘ja Xoldorxonov qulay vaziyatda biroz kechikib, to‘pni yo‘qotdi. Keyinroq Bekzod Sulaymonovning zarbasi esa darvoza yonidan o‘tib ketdi. Bu vaziyatda andijonlik muxlislar golni deyarli nishonlashga ham tayyor edilar.

O‘yin oxirida esa yana bir bahsli epizod yuzaga keldi: qanotdan uzatilgan to‘pni darvozaga yo‘llashga uringan Sulaymonov raqib himoyachisi tomonidan tortib qolindi. Biroq bosh hakam Jasur Muxtorov penalti belgilamadi. Umuman, uchrashuv davomida hakamning ayrim qarorlari andijonliklar e’tirozini keltirib chiqardi. «Navbahor» futbolchilarining yengil to‘qnashuvlardan keyingi yiqilishlari ham bir necha bor «Andijon» darvozasi tomon jarima zarbalari belgilanishiga sabab bo‘ldi. Kurashlarga boy, jismoniy kontaktlar ko‘p bo‘lgan derbida hakamning bunday yondashuvi savollar uyg‘otmay qolmadi. Ayniqsa, yakundagi penalti epizodi bahslarga sabab bo‘lishi tabiiy.

Albatta, hisob tablosida «Navbahor»ning g‘alabasi qayd etildi. Ammo «Andijon» bu mag‘lubiyatga loyiq o‘yin ko‘rsatmadi. Jamoa imkoniyatlar yaratdi, oxirigacha kurashdi va hisobni tenglashtirishga yaqin keldi. Ba’zan futbolda natija maydondagi harakat va imkoniyatlarga to‘liq mos kelmaydi. Bu safar ham shunday bo‘ldi.

Biroq Namangan safarida «Andijon»ning yana bir katta tayanchi borligi yaqqol ko‘rindi. Bu — uning muxlislari. Ular jamoani mag‘lubiyatdan keyin ham munosib tarzda olqishlab, kuzatib qo‘yishdi. Namangandagi bu qo‘llab-quvvatlash yana bir bor muhim haqiqatni eslatdi: jamoa o‘z muxlislari bilan faxrlanadi, muxlislar esa o‘z jamoasi bilan.

Vodiy derbisida mezbon jamoa uch ochko oldi. Ammo andijonlik muxlislar o‘zlarining sadoqati, faolligi va raqibga ko‘rsatgan hurmati bilan alohida e’tirofga sazovor bo‘ldi. Ularning Namangandagi munosabati — shunchaki qo‘llab-quvvatlash emas, balki futbol madaniyatining namunasi edi.

Umid qilamizki, bu mag‘lubiyat «Andijon» uchun tushkunlik emas, aksincha, keyingi o‘yinlarga qo‘shimcha kuch va ishonch bag‘ishlaydi. Chunki jamoa vodiy derbisida taslim bo‘lmadi. Endi eng muhimi — maydondagi shu jasoratni natijaga aylantirish. Ajoyib muxlislar esa bunga har doim tayyor.

«Navbahor» – «Andijon» – 1:0 (0:0).

31-oktabr. Namangan. «Markaziy» stadioni. 23 150 tomoshabin.

Hakamlar: Jasur Muxtorov, Islom Azimov, Sherzod A’zamov.

Zaxira hakami: Salohiddin Akramov.

VAR: Rustam Choriyev.

AVAR: Adham Rihsiboyev.

Nazoratchi: Bobur Haydarov.

Komissar: Diyor Hotamqulov.

«Navbahor»: O‘tkir Yusupov, Islom Mamatqazin, Giorgi Gjerenia, Muhammadqodir Hamraliyev, Vanya Ilich (Muhammadali G‘iyosov, 60), Asad Rahimjonov (Dilshod Komilov, 84), Umar Adhamzoda (Saidazamat Mirsaidov, 84), Diyor Xolmatov, Jasur Jaloliddinov, Ruslan Jiyanov (Muhammadali Usmonov, 77), Husayn Norchayev (Joel Kojo, 84).

«Andijon»: Artyom Potapov, Odil Abdulmajidov, Nemanya Chalasan, Usmonali Ismonaliyev, Aziz To‘g‘unboyev, Muhammadali Toirov (Hamidullo Karimov, 77), Damir Temirov (Shohmalik Komilov, 85), Humoyunmirzo Iminov (Aleksandr Andronikashvili, 64), Doniyor Abdumannopov (Rustam Turdimurodov, 46), Po‘latxo‘ja Xoldorxonov (Bekzod Sulaymonov, 64), Martin Boake.

Gol: Husayn Norchayev, 58 – 1:0.

Ogohlantirishlar: Saidazamat Mirsaidov, 90+1 – Odil Abdulmajidov, 20. Muhammadkarim Toirov, 69. Martin Boake, 84.

UlashishTelegramWhatsApp

Muxlislar fikri

Fikr bildirish uchun kiringTelegram orqali bir bosishda →
Yangiliklarni birinchi bo'lib bilingGollar, tarkib, jonli efir va chiptalar — rasmiy Telegram kanalimizda.
Obuna bo'lish
Hamkorlarimiz
echipta - FK Andijon homiysiUzAuto Motors - FK Andijon homiysiCentrum Air - FK Andijon homiysiAksoy suvi - FK Andijon homiysiKokand University - FK Andijon homiysi

Boshqa yangiliklar

Barcha yangiliklar →