O‘zbekchaРусскийEnglish
OldingiSo‘g‘diyonaSo‘g‘diyona1:2AndijonAndijonKeyingiDinamoDinamo—AndijonAndijon 25-oktabr, 2026 · 18:15
Ulug‘bek Baqoyev: «Andijon» jamoasini yarim finalga chiqqani bilan tabriklayman va Kubokda omad tilayman»
Intervyu

“Andijon» jamoasini yarim finalga chiqqani bilan tabriklayman va Kubokda omad tilayman

UBUlug‘bek Baqoyev21-oktabr, 2026 · 6 ta savol · 2 daqiqa o'qish
O'yindan keyingi matbuot anjumani

Zominda bo‘lib o‘tgan «So‘g‘diyona» – «Andijon» bahsida 1:2 hisobi qayd etildi va unga ko‘ra jizzaxliklar o‘z uyida mag‘lub bo‘lgan holda Kubokni chorak finalda yakunlashdi.

Bellashuvdan so‘ng mezbonlar ustozi Ulug‘bek Baqoyev matbuot anjumanida savollarga javob berdi.

Savol

Bellashuv borasida nima deya olasiz?

UBUlug‘bek Baqoyev

Menimcha, o‘yin juda yaxshi o‘tdi. Birinchi bo‘lim ham, ikkinchi bo‘lim ham ko‘ngildagidek bo‘ldi. Aytarli muammolar kuzatilmadi. O‘yin sifati yaxshi bo‘ldi, hujumlar ham ko‘p bo‘ldi — pozitsion hujumlar ham, qarshi hujumlar ham. «Andijon»da ham, bizda ham gol urish uchun vaziyatlar bo‘ldi.

Umuman olganda, butun o‘yin menga yoqdi. Yigitlar yaxshi harakat qilishdi. Ularga butun o‘yin davomida fidoiyligi va ko‘rsatgan o‘yin sifati uchun katta rahmat aytaman. Tomoshabinlar uchun ham qiziqarli bahs bo‘lgan bo‘lsa kerak.

Uchrashuv 2:1 yoki 2:2 hisobida ham yakunlanishi mumkin edi, ammo ofsayd qayd etildi. «Andijon» jamoasini yarim finalga chiqqanligi bilan tabriklayman va Kubokda omad tilayman.

Savol

— Bugungi o‘yin rejalaringiz asosida o‘tdimi? G‘alaba qozonish uchun jamoaga aynan nima yetishmadi?

UBUlug‘bek Baqoyev

Umuman olganda, ha. Hammasi rejalashtirganimizdek kechdi. Hamma narsa yaxshi edi. Faqat «Andijon» birinchi bo‘lib gol urganidan keyin ularga o‘ynash osonlashdi. Agar birinchi bo‘lib biz gol urganimizda, ehtimol, bizga ham osonroq bo‘lardi.

Birinchi bo‘limda hisob 0:0 bo‘lib turganida, gol urish uchun vaziyatlarimiz bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda hisob 0:1 bo‘lganida ham imkoniyatlar paydo bo‘ldi. Demak, rejalashtirgan ishlarimizning aksariyatini amalga oshirdik. Ammo ikkita gol o‘tkazib yuborganimiz yomon bo‘ldi.

Savol

— Ulug‘bek aka, bungacha ikkala jamoa chempionat doirasida kuch sinashgandi. O‘sha o‘yin bilan bugungi uchrashuv o‘rtasida qanday farq bo‘ldi, deb o‘ylaysiz?

UBUlug‘bek Baqoyev

Albatta, buning ta’siri katta. Birinchidan, yo‘l masalasi bor. Ikkinchidan, maydon qoplamasi farq qiladi. Bu yerdagi maydon yumshoqroq, biz mashg‘ulot o‘tkazadigan maydon esa qattiqroq.

Bundan tashqari, Jizzaxda o‘ynayotganingizda butunlay boshqacha muhitni his qilasiz. Muhit ham, yo‘l ham, boshqa omillar ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Bularning barchasi yig‘ilib keladi. Shuning uchun Jizzaxdagi o‘yinlarni tezroq boshlaganimiz ma’qul edi.

Savol

— Birinchi bo‘limda ko‘rdik, Doriyevga vaziyat yaratish uchun raqib himoyachilari deyarli imkoniyat berishmadi. Ikkinchi bo‘limda bu borada taktik o‘zgarish qilishni o‘ylamadingizmi?

UBUlug‘bek Baqoyev

Nima uchun o‘zgartirishimiz kerak edi? Uning o‘yini yaxshi chiqdi, faqat «Andijon» futbolchilari uni birga-bir vaziyatlarda yolg‘iz qoldirishmadi. Doim uni sug‘urtalashdi, ikki-uch kishi bo‘lib qurshab olishdi. Doriyev yuqori saviyali futbolchi. Shuning uchun raqiblar unga munosib tarzda, hurmat bilan munosabatda bo‘lishadi.

Savol

— Savolga qo‘shimcha qilmoqchiman. Avvalgi o‘yinlarda Doriyevning o‘ng qanotdan chap qanotga, vaziyatga qarab esa markaziy hujumga o‘tganini ko‘rganmiz. Agar bir qanotda imkoniyatlar kamaysa yoki omadi kelmasa, pozitsiyasini o‘zgartirgan. Bugun esa asosan chap qanotda harakat qildi. Uni boshqa qanotga o‘tkazish yoki markaziy hujumchi sifatida o‘ynatish rejangizda bor edimi?

UBUlug‘bek Baqoyev

Bu muhim emas. U chapda ham, o‘ngda ham, oldinda ham o‘ynashi mumkin. Futbolchilar vaziyat va o‘yin epizodidan kelib chiqib, pozitsiyalarini o‘zgartirishlari mumkin. Bugun shunday bo‘ldi, keyingi o‘yinlarda ham ularning joylashuvi o‘zgarib turadi. Hujumdagi futbolchilar vaziyatdan kelib chiqib, qarorlarni o‘zlari qabul qilishadi.

Savol

— Sizning fikringizcha, bu yil Kubokda qaysi jamoa g‘olib bo‘ladi?

UBUlug‘bek Baqoyev

Mening taxminimni so‘rayapsizmi? Buni aytish qiyin. O‘z fikrlarim bor, lekin hech kimni xafa qilishni istamayman. Rahmat!

UlashishTelegramWhatsApp

Muxlislar fikri

Fikr bildirish uchun kiringTelegram orqali bir bosishda →
Yangiliklarni birinchi bo'lib bilingGollar, tarkib, jonli efir va chiptalar — rasmiy Telegram kanalimizda.
Obuna bo'lish
Hamkorlarimiz
UzAuto Motors - FK Andijon homiysiCentrum Air - FK Andijon homiysiAksoy suvi - FK Andijon homiysiKokand University - FK Andijon homiysiechipta - FK Andijon homiysi

Boshqa intervyular

Barcha intervyular →